Tibbiyotda raqamlashtirish sari yangi bosqich
O'zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirish jadal sur'atlarda rivojlanmoqda. Bu yo'nalishda Toshkent davlat tibbiyot universiteti (TDTU) mamlakatdagi eng innovatsion va yetakchi markazlardan biriga aylandi. Universitetda elektron ta'lim platformalari, virtual simulyasiya markazi, sun'iy intellektga asoslangan trenajyorlar va biotibbiyot muhan-disligi laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. Bu imkoniyatlar talabalarga zamonaviy bilim olish, amaliyotda tajriba orttirish va ilmiy ishlar bilan shug'ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.Ular onlayn darslar va laboratoriya mashg'ulotlarini virtual muhitda o'rganish, sun'iy intellekt asosida diagnostika qilish, ilmiy tadqiqotlar va startap loyihalarda ishtirok etish, shuningdek, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik qilish imkoniga ega bo'lishyapti.
2025-yil 10-noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning TDTUga tashrifi mamlakat tibbiyotida raqamlashtirishni rivojlantirishda muhim bosqich bo'ldi. Davlat rahbari elektron tibbiy kartalar, yagona tibbiy ma'lumotlar bazasi va avtomatlashtirilgan diagnostika tizimlarini tezroq joriy etish orqali soha samaradorligini va xizmat sifatini oshirish muhimligini ta'kidladi. Bu tashrif tibbiyotni raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish bo'yicha davlat siyosatining amaliy ifodasi bo'ldi.
Prezident tashrifidan so'ng universitetda "Raqamlashtirish - tibbiyot kelajagi" III Xalqaro konferensiyasi ham bo'lib o'tdi. Unda yosh tadqiqotchilar sun'iy intellekt, raqamli diagnostika va biotibbiyot muhandisligi sohasidagi innovasion ishlanmalarini taqdim etdilar. Konferensiya ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, talabalarning bilim va ko'nikmalarini oshirish hamda tibbiyotda raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qildi.
Hozirga kelib, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari orqali O'zbekiston tibbiyoti raqamli texnologiyalar, zamonaviy platforma va sun'iy intellektdan foydalanish asosida rivojlanishda muhim qadam tashladi. Elektron tibbiy kartalar, avtomatlashtirilgan diagnostika, virtual simulyasiyalar va raqamli laboratoriyalar nafaqat talabalar va mutaxassislar uchun zamonaviy ish muhitini yaratadi, balki bemorlarga sifatli, tezkor va aniq tibbiy xizmat ko'rsatish imkonini ham beradi. Shu tariqa, davlat rahbari tashabbuslari va universitetning ilmiy ishlari birlashib, O'zbekiston tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Fazliddin Arziqulov,
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi assistenti.
Мавзуга оид:







