Korrupsiya balosi kelajagimiz kushandasidir...

Korrupsiya –– bu jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʻsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Korrupsiya (lot. Corrumpere — “buzmoq”,“sotish” va “sotilish”) odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishni anglatadi.
Qurʼoni Karimning Baqara surasida “Boshqalarning mulkini nohaq yoʻl bilan olmangiz va boshqalarga tegishli boʻlgan narsalarni olish uchun oʻz mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
Muhtaram Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyevning 24-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Parlamentga murojaatida bu illatga qarshi kurashish lozimligini aytib, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak.” – deb taʼkidladilar.
Shuningdek, Yurtboshimiz oʻz nutqlarida “jinoyatchilik, korrupsiya bizning oʻz xavfsizligimizga ham, xalqaro xavfsizlikka ham tahdid soluvchi real manbadir. Binobarin, mazkur hodisaga qarshi kurash masalalari birgina bizga taalluqli emas. Shuning uchun ham biz jinoyatchilik haqida butun jahon hamjamiyati qaygʻurmogʻi lozim, deb hisoblaymiz. Suveren Oʻzbekiston xalqi va rahbariyati esa ular bilan faol hamkorlik qilishga tayyor va buni dunyoni poklash, uning xavfsizligini taʼminlash ishiga qoʻshilgan hissa, deb biladi”- dedilar.
Har bir qonun yaxshilikni koʻzlab, ezgu maqsadda qabul qilinadi. Ayrim qonunlar oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra davlat va jamiyat taqdiri, xalq kelajagi va har birimizga daxldor boʻladi. Milliy parlamentimiz tomonidan qabul qilinib, 2017-yil 3-yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir. 6 bob va 34 moddadan iborat ushbu qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar va meʼyorlar belgilangan.
Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qoʻl urgan odam uchun ulugʻ narsalar, moʻtabar tuygʻularning qadri yoʻqoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb oʻylaydi. Ular hech kimga, imon-eʼtiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani ishonib boʻlmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yoru birodarlari, mahalla-kuyning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.
Qonunga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilishi belgilangan. Ushbu komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi qayd etilgan. Bu meʼyor korrupsiyaga qarshi kurashning doimiy va izchil tus olishida muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyamizga muvofiq Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishiga kafildir.
Shu sababli ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlar, kichik biznes subyektlariga “yagona darcha” tamoyili orqali xizmat koʻrsatilayapti, yagona portal orqali davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etilayapti. Qonun hujjatlariga, davlat tashkilotlarining ish faoliyatiga ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash nuqtai nazaridan oʻzgartirishlar kiritilayapti va boshqa koʻplab yangiliklar joriy qilinayapti. Bularning barchasi korrupsiya balosini bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bunday yondashuvni jon-dili bilan qoʻllab-quvvatlamoqda.
 Xulosa qilib aytganda, korrupsiya balosi tarixning amaliy sinovlaridan oʻtganligi nuqtai nazaridan ham nafaqat bizning millatimizga, balki butun insoniyatga baxtsizlik, murosasozlik va  boshqa koʻplab siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishini koʻrishimiz mumkin.

I.A.Doniyorov,

 Jinoyat ishlari bo’yicha Oqdaryo tuman sudi raisi