Mutaxassislar tavsiyasi ANOR MEVAXO'RI - XAVFLI ZARARKUNANDA

Hozirgi kunda shifobaxsh anor mevalariga Ichki va tashqi bozorlarda ham ehtiyoj oshib bormoqda. Anorning asosiy zararkunandalari ham borki, ularga qarshi vaqtida kurash olib borilmasa, hosilga jiddiy zarar etkazishi mumkin. Sulardan biri anor mevaxo'ri bo'lib, bu zararkunanda yetuk qurt hamda g'umbak shaklida asosan daraxt ostiga to'kilgan mevalar ichida, po'stida, daraxtning pana joylarida va xascho'plarining ostida qishlab qoladi. Zararkunanda kapalagining tanasi 7-8 mm., umumiy tusi kulrang. Tuxumi oqish-sariq, yuzasi g'adir-budir, kattaligi 0,75-1,0 mm. Qurtlari och kulrang, boshi qo'ng'ir-qora, kattaligi 8-11 mm gacha yetadi. G'umbagi jigarrang, uzunligi 8-9 mm keladi.Tarqalishi. Eron, Hindiston, Afg'oniston, Turkmaniston, Gruziya, Tojikiston, Armaniston va boshqa davlatlar hududlarida uchraydi. 

Ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining 2005-yildagi kuzatuvlariga ko'ra, bu hasharotning qishlab chiqqan qurtlari aprelning uchinchi va mayning birinchi o'n kunligida g'umbakka aylana boshlangan.

G'umbaklar aprelning uchinchi o'n kunligida tuxum qo'yadi. G'umbaklik davri yoz kunlari 10-12 kunda tugaydi. Kapalaklari odatda kechasi uchadi, meva kosachalariga bittadan tuxum qo'yadi. Yozgi bo'g'inlari meva yoriqlariga ham tuxum qo'yishi mumkin. Bitta urg'ochi zot 90-100 ta tuxum qo'yishi mumkin. 5-7 kundan keyin ochib chiqqan qurt meva kosasi yoki yoriqlar orqali anor mevasining ichiga kiradi va uni shikastlay boshlaydi. Zararlangan anor mevasi odatda gul kosasi atrofidan boshlab chiriy boshlaydi, yoriladi va to'kilishi mumkin.

Qurtlik davri 17-22 kunda o'tadi. Qurt meva gulkosasida yumshoq pilla o'rab, ichida g'umbakka aylanadi. 8-12 kunda undan yangi bo'g'in kapalagi uchib chiqadi.

Anor mevaxo'rining kushandalari mavjud. Kapalaklarini qushlar, o'rgimchak, "beshiktervatar"lar qirib turadi, tuxumini esa trixogramma, qurtlarini brakonid, ixneumonid kushandalar hamda taxina pashshasi zararlaydi.

Zarari. Shikastlangan mevalar ikkilamchi mikroorganizmlar faoliyati oqibatida chiriydi, yoriladi, to'kiladi va yaroqsiz bo'ladi. Natijada daraxt va bog' hosildorligi kamayadi, mevaning sifati pasayadi. Himoya qilinmagan anor daraxti hosilining 25,2% dan 77,5% gacha qismi yo'qolishi mumkin. Bunga qarshi agrotexnik tadbirlarni vaqtida o'tkazish, anor gullashidan boshlab trixogramma kushandasini (1gr/ga) tarqatish, zararkunandaning iqtisodiy xavfi ortgan taqdirda kimyoviy kurash choralari qo'llaniladi.

J. Umarov,

A.Dusqobilov, 

O'simliklar karantini va himoyasi tuman bo'limi inspektorlari.