MEN ALBATTA JURNALIST BO'LAMAN

Har bir jamiyat yuragining urishi - uning axborot maydonida seziladi. Fikr, so'z, haqiqat, haqiqatdan ham haqiqat...bularni xalqqa yetkazish uchun inson bor kuchini, yuragini, qalamini fido qiladi. Bugun har bir yangilik, maqola, tahlil, reportaj ortida turgan ijodkorlar - jurnalistlar, muxbirlar, muharrirlar, blogerlar va videooperatorlar va barcha axborot xodimlariga chin yurakdan rahmat aytamiz.

Jurnalist - bu kasb emas, bu mas'uliyatdir. Qalamni ushlagan har bir inson muqaddas yukni zimmasiga olgan bo'ladi: u yolg'on bilan haqiqat o'rtasida tanlov qiladi. U jamoatchilik fikrini uyg'otadi, xolis bo'lishga urinadi, o'zini emas, xalqni eshitishga xizmat qiladi. Bu kasb - o'quv, bilim, tafakkur, eng asosiysi, jasorat talab qiladi. Chunki jurnalist har doim ham to'g'rini aytadi, hatto jimlik hukm surgan joyda ham ovoz bo'la oladi.

Bugungi kun - axborotning sur'ati soat emas, soniyalarda o'lchanadigan davr. Har bir yangilik bir necha soniyada minglab, millionlab odam ongiga ta'sir qiladi. Shu bois, axborot vositalarining roli avvalgidan-da kuchliroq. Xolislik - eng katta fazilat. Shoshmaslik - eng og'ir burch. Aniqlik - eng yuksak halollik belgisi. Ana shu uch fazilat jurnalist qadrini belgilaydi.

Men hali bu sohada emasmanki, lekin har kuni jurnalist bo'lishni orzu qilaman. Chunki bu kasb - shunchaki maqola yozish emas. Bu - insonlarni uyg'otish, dardni tinglash, haqiqatga xizmat qilish degani. Men orzu qilayotgan jurnalist - bu jimgina tomosha qilmaydigan, balki so'z orqali haqiqatga nuqta qo'ya oladigan inson. Men jurnalistni qo'rqmasdan savol beradigan, kuchlilar oldida egilmas, zaiflar yonida turadigan odam deb bilaman.

Shunday bir haqiqat borki, tarixda shoirlar qanday rol o'ynagan bo'lsa, bugun shuni jurnalistlar bajarmoqda. Ular yolg'on zulmatida haqiqatni olib yurishadi. O'z jonidan kechib bo'lsa ham xalq og'rig'ini yozishadi. Kimdir bayramlarni yoritadi, kimdir ijtimoiy muammolarni fosh qiladi. Har birining qahramonligi o'z yo'lida. 

Bugun men hali jurnalist emasman, ammo yozishga qiziqqan bir o'quvchi sifatida bu kasbning ulug'ligini his qilaman. Bir kun kelib men ham shu qatorga qo'shilaman, degan umid bor qalbimda. Va o'zimga so'z berganman: qalamim bo'lsa - haqiqatni yozaman. Qulog'im bo'lsa - xalqni eshitaman. Yuragim bo'lsa - adolat tarafida uradi.

Abdulla Qodiriyijodiga bir nazar 

HAYOTI ROMANGA AYLANGAN IJODKOR

Har bir xalqning qalbida uning o'tmishidan bir pora bor. Bu pora ba'zida bir xalq qo'shig'ida, ba'zida qadimiy naqshda, ba'zida esa - bitta asarda jam bo'ladi. Abdulla Qodiriy - ana shunday o'lmas asarlar orqali xalq tarixini, qalbini, dardini, orzusini kaftdek ochib bergan ijodkordir. U - o'zbek asrining fidoyisi, hayoti ham, ijodi ham doston bo'lgan inson.

Toshkentning Eski shahar mahallasida tug'ilgan bu yigit hayotning achchiq-chuchugini erta tatib ko'radi. Qodiriy maktabda eski usulda o'qisa-da, zamonaviy bilimga chanqoqligi uni o'z ustida ishlashga undaydi. Arab, fors, rus tillarini o'rganadi. Adabiyotga muhabbati, xalq taqdiriga befarq bo'lmagani uni qalamga do'st qiladi.

1925-yilda yozilgan "O'tgan kunlar" romani o'zbek adabiyotida ilk realizm namunasi sifatida tarixga kiradi. Bu asar orqali Qodiriy xalq hayotini, muhabbat va fidoyilikni, ijtimoiy nohaqlikni butun teranligi bilan ochib berdi. Kumush obrazida u o'zbek ayolining or-nomusini, sadoqatini, yuksak axloqini gavdalantirdi. "Mehrobdan chayon" romani esa bu yo'ldagi mardlikni davom ettirdi.

Qodiriy yozgan satrlar - bu oddiy so'zlar emas. Bu satrlar - xalqning dardi, yig'i, umidi, hayoti. U har bir asarida odamlarni o'ylantiradi, uyg'otadi, hatto jim turgan vijdonni ham gapirtiradi. U o'z vaqtida faqat yozmagan - ogoh qilgan, ko'z ochgan, haqiqatni aytgan. Afsuski, bu haqiqat kimlargadir yoqmagan. 1938-yil - qora kun. Abdulla Qodiriy soxta ayblovlar bilan qatl etiladi. Ammo uning ruhi, fikri, asarlari o'ldi demaymiz. Chunki u - yashamoqda. Maktablarda, darsliklarda, kitob avonlarida, eng muhimi - bizning qalbimizda.

Men hali yoshman. Lekin Qodiriy haqida o'qiganimda, uning hayotidan ilhom olaman. U kabi yozishni, haqiqatni aytishni, xalq dardini yozishni orzu qilaman. U meni o'rgatdi: "So'z - bu kuch. Qalam - bu mas'uliyat. Yozuvchi - bu xalqning ko'ngli".

Shunday buyuk inson haqida yozish o'zi bir sharaf. Uning hayoti bizga saboq, asarlari - yo'lchi yulduz.


Saida Mavlonova,

19-maktab bitiruvchisi.