Boshlang'ich ta'lim - bilimlar poydevori O'QUVCHI-YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYG'USINI SHAKLLANTIRISH

Boshlang'ich sinf o'quvchilariga vatan-parvarlik tuyg'usini singdirish, vatan va millat oldidagi mas'uliyat yuksak burch ekanligini ongli his qildirish biz pedagoglarning muqaddas burchimiz hisoblanadi. Zero, ajdodlarimizdan o'tib kelayotgan "Vatanni sevmoq iymondandir", degan hadis zamirida ham xuddi shunday  mazmun   mujassamdir.
Agar uzoq tariximizga nazar tashlaydigan  bo'lsak, ona-Vatanga e'tiqod tuyg'usi xalqimiz tomonidan e'zozlanib kelinganining guvohi bo'lamiz. Shu boisdan ham, Vatan himoyasi yo'lida jon bergan ulug' ota-bobolarimiz xalqning, millatning xotirasida mangu yashaydi. 
O'zimning pedagoglik faoliyatim haqida to'xtaladigan bo'lsam, 24 yildan buyon boshlang'ich sinflarda dars berib kelaman. Barcha hamkasb pedagoglar kabi men ham o'z oldimga ulug' maqsadlarni qo'yganman va ushbu ezgu maqsadim yo'lida astoydil harakat qilayotirman. Biz pedagoglar barkamol avlodni har tomonlama yetuk qilib voyaga yetkazsak, ularda milliy g'ururni izchil shakllantirib borsak, Vatanimiz shunchalik qudratli davlatga aylanadi. Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar bo'lish, fidoyilik tuyg'ularini his etib yashash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini yosh avlodga singdirish biz pedagoglarning burchimiz hisoblanadi. Shuning uchun ham o'tilayotgan har bir dars soatlarini zamonaviy pedtexnologiyalar asosida tashkil qilishga, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda mavzuga oid turli xil kadrlar bilan boyitilgan videoroliklar tayyorlab borishga harakat qilayapman.
14-yanvar - Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirimiz har qachongidan ham ko'tarinki ruhda nishonlanganligini alohida ta'kidlab o'tishni istardim. Sinfimiz o'quvchilari harbiy formalarda o'zlarini chin ma'noda haqiqiy bo'lajak Vatan posbonidek his etishdi. Tadbir jarayonida o'g'il-qizlarimiz maktab hovlisiga chiqishib, turli    xil o'quv mashqlarini bajarishdi. O'zlariga berilgan barcha topshiriqlarni mas'uliyat bilan ijro etishib, o'zlarini xuddi bo'lajak posbonlardek tutishga harakat qilishdi. Bu tadbir jarayonida o'quvchilarimda o'z ona-Vataniga, qolaversa o'zlariga bo'lgan faxrlanish tuyg'usi paydo bo'ldi. Bu borada esa ota-onalarni hamkorlikka chaqirganim o'zining samarali natijasini ko'rsatganligini mamnuniyat bilan tilga olaman.
Yaqinda "O'qituvchi+ota-ona=muvaffaqiyatli farzand" mavzusida ota-onalar yig'ilishini o'tkazgan edim. Ushbu yig'ilish noan'anaviy tarzda tashkil etilib, o'qituvchi, ota-ona hamda o'quvchilar bilan birgalikda ochiq muloqot o'tkazish rejalashtirildi. Yig'ilish o'qituvchi va o'quvchilar ishtirokida yangi innovasion metodlar asosida tashkil qilinib, bunda ota-onalar zamonaviy metodlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, ota-onalarga "Siz qaysi turdagi ota-onalar guruhiga kirasiz?" mavzusida psixologik trening o'tkazildi. Ushbu yig'ilish ota-onalarda katta taassurot qoldirdi. 
Barkamol avlodni tarbiyalashda ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash ijobiy hamda samarali yechimga egadir. Zero, ta'limni tarbiyadan, tarbiyani ta'limdan ajratib bo'lmaydi. Bu borada esa o'qituvchi doimo izlanishda bo'lishi, o'z ustida tinimsiz ishlashi talab etiladi. Negaki, kelajagimiz vorislari bo'lgan yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash biz pedagoglarning muqaddas burchimizdir. 
Oybahor ERGASHYЕVA,
30-maktabning oliy toifali boshlang'ich ta'lim o'qituvchisi.