MANDARIN MO'L BO'LDI

Oytamg'ali mahallasining Pilol qishlog'i aholisi azal-azaldan tomorqadan katta daromad olishadi. Ayni kunlarda aholining katta qismi issiqxona tashkil qilishib, unda ziravor ko'kat ekinlaridan chesnok, piyoz, shivit, kinza hamda jag'-jag' va ismaloq kabi mahsulotlarni parvarishlash bo'yicha katta tajribaga egadir. 
Mahallaning ayrim xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalarda qish fasli bo'lishiga qaramasdan bodring, pomidor va kartoshka singari oziq-ovqat mahsulotlaridan ham mo'l-ko'l hosil olishayotganligi tahsinga loyiqdir. Bundan tashqari  Pilol qishlog'ida sitrus mevali daraxtlarga ixtisoslashgan issiqxonalar ham talaygina ekanligini alohida ta'kidlash joiz. 
Pilol qishlog'ida istiqomat qiluvchi E'zoza Muhammadiyeva ham tadbirkorlik bo'yicha o'ziga xos tajriba to'plab, bugungi kunda oilasiga qo'shimcha daromad olib kelishda yaqindan ko'maklashmoqda.
- Prezidentimiz tomonidan qishloq yoshlariga, ularni o'zini o'zi band qilishga alohida e'tibor berilayotganligi bizni quvontiradi. Yoshlar uchun berilgan imtiyozli kreditlardan men ham unumli foydalanib, tomorqamizda ikki sotixli issiqxona tashkil qildik, - deydi Pilol qishlog'ida istiqomat qiluvchi E'zoza Muhammadiyeva. - Sitrus mevali daraxtlarga qiziqqanligim sababli limon va mandarin daraxt ko'chatlarini  o'tqazdik. Mana uch yildan buyon daraxtlarimiz mo'l-ko'l hosil bermoqda. Ayniqsa, mandarin daraxti bu yil 30-40 kilogramm hosil berdi. Qish fasli bo'lishiga qaramasdan foydali mehnat bilan bandman, qolaversa oilamizga ko'maklashayotganligimdan mamnunman.
Mashaqqatli mehnatlar evaziga kelgan daromad albatta, barakali bo'ladi. Shunday ekan, tomorqada mehnat qilib, oilamiz daromadiga qo'shimcha foyda olib kelish bilan birga bozorlarimiz mo'l-ko'lchilligiga o'z hissamizni qo'shayotganligimdan behad xursandman.
Darhaqiqat, issiqxonada mehnat qilish, mashaqqatli mehnat evaziga mo'l-ko'l hosil yetishtirib, o'zining oilasiga daromad keltirish ham kishidan sabr-toqatni, tinimsiz mehnat qilishni, yetarli darajada tajribani talab qiladi. Shunday ekan, ushbu maqsad yo'lida halol mehnat qilayotgan E'zoza Muhammadiyeva va uning pilollik hamqishloqlarining kelgusi ishlariga ulkan zafarlar tilab, xalqimizning dasturxonini to'kin-sochin qilishdek ezgu maqsad yo'lida aslo horimang, deymiz.
Sunnatullo IBRAGIMOV.