OQDARYOGA QACHON AVTOBUS QATNAYDI?

Barchaga ma’lumki, 10 yanvardan boshlab Respublikamizda qaxraton qish mavsumi boshlandi. O‘sha kundan buyon bozorlarda oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar, yo‘l narxlari ikki barobar oshdi. Bundan albatta aholi norozi. Ayniqsa qatnab ishlaydigan yurtdoshlarimizga ancha qiyin bo‘ldi. Chunki kamida 15-20 kilometrga qatnab ishlashning o‘zi bo‘ladimi? Bundan tashqari kundalik yumush bilan shaharlarga va tuman markaziga boruvchi pensionerlar, nogironlar va boshqa kasb egalari tan olishimiz kerak bundan aziyat chekmoqda.
Oqdaryo tumanida ayni paytda 165 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tumanning “Go‘zalkent” mahallasidagi Qorateri qishlog‘ida esa yashayotgan aholi soni bir necha ming kishini tashkil etadi. Qishloq M-37 katta magistral yo‘lining yoqasida joylashganligi uchun Samarqandga ham tuman markazi hisoblangan Loyishga ham borish qulay. Biroq yo‘l narhining ikki barobar oshganligi aholida norozilik uyg‘otmoqda. Bu haqda shu qishloqda yashovchi huquqshunos Shavkat Qurbonov shunday deydi:
- Qish boshlangunga qadar Loyishga qadar yo‘l narhi 5 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi paytda 10 ming so‘mga ko‘tarildi. Albatta buning bir qancha sabablari bor. Gaz va benzinning yo‘qligi, bo‘lsa ham qimmatligi yo‘l narhining oshishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Aholi uchun eng qulay trasport vositasi bu avtobus hisoblanadi. Bundan 10-15 yil ilgari Samarqand-Loyish avtobusi muntazam qatnardi. Biroq keyingi yillarda avtobus qatnamay qo‘ydi. Boshqa tumanlarda esa hatto qishloqlarigacha avtobus qatnaydi. Bunga Urgut, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarini misol qilib keltirish mumkin. Aholi avtobus qatnashini so‘rab tuman hokimligiga ham murojaat qilayapti. Ammo hozircha buning natijasi bo‘lmay turibdi.
Xulosa qilib aytganda nima uchun viloyatimizning barcha tumanlarida ichki yo‘llarga ham avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganu, Oqdaryoda bu ish paysalga solinayapti. Oqdaryoga qachon avtobus qatnaydi? Bu savolga javob beradigan mas’ullar bormi?